Muallif: Аlimоvа, Хоlidа Zikrillаеvnа; Sirojiddinova, Robiyaxon Ibrohimxoʻja qizi
Annotatsiya: So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi, ayniqsa, madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal sur’atda rivojlanayotgani dariy tili iqtisodiyot sohasiga oid terminologik leksikaning ortishiga olib kelmoqda. Maqolada dariy tili iqtisodiy terminlarining tarkibi, yasalishi va qoʻllanilishi asliyat misollari orqali oʻrganilgan. Dariy tilidagi internet saytlari, shuningdek, matbuot materiallaridan olingan iqtisodiyotga oid 100 ta termin o‘z va o‘zlashgan qatlam hamda yasalish usullariga ko‘ra tahlil qilingan. Ma’lumki, dariy tili iqtisodiyot terminologiyasi, boshqa tillar kabi, asosan, ikki manba: dariy tilining ichki imkoniyatlari va chet til unsurlari (so‘z va so‘z birikmalari) asosida rivojlanib va boyib borgan. Bu manbaning birinchisi, asli tub leksik qatlam, fors-dariy tillarida qadimda iste’molda bo‘lgan yoki iqtisod sohasida yangi tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qilgan lug‘aviy birliklar hamda ular asosida ona tilining so‘z yasovchi vositalari bilan yangidan hosil qilingan terminlar hisoblanadi. Ikkinchisi, o‘zga tillar, aniqrog‘i, arab va yevropa tillaridan o‘zlashgan qatlamdir. Maqolada dariy tili iqtisodiy terminlarining yasalishishida yarimaffiksatiya usulining mahsuldorligi, bunda fe’liy yarimaffikslarning ismiy yarimaffikslardan dominantligi aniqlangan. Qoʻshma terminlar yasalishida kopulyativ qoʻshma soʻzlarning ustunligi (fe’l + interfiks + fe’l modeli) belgilangan. Iqtisodiy terminlar tarkibida arab va forscha o‘zlashmalarning, asosan, an’anaviy oldi-sotdi shakllarini ifodalashi, yevropa tillaridan o‘zlashmalar esa «moliya» tushunchasi bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar turini modellashtirgani aniqlangan.
Kalit so'zlar: Afgʻoniston, dariy tili, iqtisodga oid leksika, iqtisodiy terminlar, moliya, sodda termin, qoʻshma termin, birikma termin, oʻzlashma termin.
Jurnaldagi sahifalar: 70 - 80